Muhammad Yusuf sherlari

Onamga xat

Men sizni o`ylayman shomu saharda,
Ona, sog`insam ham bora olmayman,
Tunlari charog`on shunday shaharda,
Hech kimga ko`nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O`z do`stim uyiga ko`mildi sevgim,
Kun bo`lib ko`ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o`tgani ko`kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men — zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…

Mana, ketayapman tosh yo`lda ko`zim,
Qadamim moshinlar yo`rg`asiga mos.
Yig`lasam yupatib o`zimni o`zim,
Pishqirib qo`yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o`ylayman shomu saharda,
Ona, sog`insam ham bora olmasdan.
Tunlari charog`on shunday shaharda
Hech kimga ko`nglimni yora olmasman…

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib.
Baxtimga hamisha Siz sog` bo`ling deb,
Sog`ingan o`g`lingiz — Muhammad Yusuf.

Vatanim
Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon, O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim, Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi, Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri —
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan, Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da`vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan, Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin — Qurdistonda,
Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning — o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab, Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim…

Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam, O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, VATANIM !

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *