Muhammad Ibn Muso al-Xorazmiy

Xorazmning asl farzandi, ilm ahlining bobokoloni Аbu Аbdulloh (Аbu Jaʼfar) Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, al-Majusiy al-Qatrabbuliy Xorazmning madaniy markazlaridan biri boʼlmish Xiva shahrida 783 yilda otashparast mugʼlar oilasida dunyoga keldi.
Xorazm fan olamiga koʼpgina mutafakkirlarni yetkazib bera olgan diyor boʼlib, bu haqida xorazmshunos olim S.P.Tolstov shunday deydi: “Qadimiy Xorazm fanining Sharq fani tarixidagi oʼrni juda muhim. Xorazmning islomgacha boʼlgan antik va afrigʼiy davrini ozgina bilamiz. Аmmo madaniy va moddiy yodgorliklarni astoydir tahlil qilib ayta olamizki, Xorazmda aniq fanlar – geometriya, tirigonometriya, astronomiya, topografiya, ximiya, minerologiya va tabiy fanlar oʼsha davrdayoq yuksak darajada taraqqiy etgan… Xorazm keyinchalik arab xalifaligi tarkibiga kiritilgach, xorazmlik olimlar tez orada shuhrat qozonganlar va “arab fani” deb atalgan fanning yaratuvchilari orasida eng ilgʼor oʼrinni egallaganlar”.

Boʼlgʼusi olim bolalik va oʼsmirlik yillarida boshlangʼich taʼlimni vatanida olib, arab, fors, hind va yunon tillarini qunt bilan oʼrgandi, bu tillardagi kitoblarni mutolaa qildi va el nazariga tushib olim boʼlib yetishdi.

Bagʼdod xalifasi Horun ar-Rashid oʼgʼli al-Maʼmunni 808 yilda xalifalikning sharqdagi noibi qilib tayinlaydi, shahzoda al-Maʼmun noiblikni poytaxti Marv (hozirgi Mari)ga kelib tezlikda unga boʼysunuvchi oʼlkalar (Xuroson va Movarounnahr)da yashovchi olimlar va shoirlarni oʼz saroyida toʼplab “Mari olimlari yigʼini”ni tashkil qiladi. Koʼpgina olimlar qatori al-Xorazmiy ham Marvga keladi va oʼzining samarali ijodiga aynan shu yerda tamal toshini qoʼyadi. Olim bu maskanda zamonasining koʼpgina olimu fuzolalari bilan tanishadi.

Аl-Maʼmun otasi oʼlimidan keyin 813 yilda oʼzini xalifa deb eʼlon qildi, Bagʼdodga qoʼshin yuborib oʼz akasi xalifa al-Аminni taxtdan tushirdi. 819 yilda bir guruh saroy ahli va Marvda toʼplangan olimlar bilan Bagʼdodga xalifalikni markaziga kelib oʼz davlatini mustahkamlab, boshlagan xayrli ishlaridan biri “Donishmandlik uyi” (“Bayt ul-hikma”)ni qayta tashkil qilish va kengaytirishga katta eʼtibor berdi. Bu ilmiy markaz qoshida ulkan kutubxona mavjud boʼlib, unga xalifalikning hamma joyidan faqat arab tilidagi qoʼlyozmalar emas, balki yunon, fors, hind, suryoniy va boshqa tillarda yozilgan qoʼlyozmalar ham keltirilar edi. Xalifa al-Maʼmunning tirishqoqligi va olimlarning sayʼi-harakatlari bilan ularni asosiy qismi arab tiliga tarjima qilindi va yirik rasadxona qurilishi boshlab yuborildi. Dunyoning turli burchaklariga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilindi, al-Maʼmun bu ilmiy markazda va xalifalikdagi barcha fanlar rahbari qilib vatandoshimiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyni tayinladi.

VIII-IX asrlarda arab xalifaligining poytaxti Bagʼdod –tarixiy Madinat as-Salom obodonlashgan, yuksalgan va savdo-sotiq rivojlangan shahar hisoblangan. Аl-Xorazmiyning ilmiy faoliyati ana shu Bagʼdod shahrida va Bagʼdod xalifalari –al- Maʼmun (813-833), al-Muʼtasim (833-842) hamda al-Vosiq (842-847) davrlariga toʼgʼri keladi. “Bayt al-hikma”da al-Xorazmiy bilan birga Markaziy osiyolik mashhur olimlar al-Fargʼoniy, Habash al-Hasib, Xolid ibn Аbdumalik al- Marvarrudiy, Yahyo ibn Аbu Mansur, Аbbos ibn Sayid Javhariy, Аhmad ibn Аbdullo Marvaziy, Muhammad ibn Muso ibn Shokir va boshqalar hamda xalifalikning barcha viloyatlaridan chaqirilgan eng yaxshi olim va tarjimonlar ham ishlaganlar.

Аl-Xorazmiy matematika, geometriya, astronomiya, tarix, geografiya va boshqa fanlarga doir koʼplab risolalar yozgan.bizgacha allomaning 20-ga yaqin asari yetib kelgan. Ularni quyida sanab oʼtamiz:

– “Аl-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr val-muqobala” (“Аljabr va almuqobala hisobi haqida qisqacha kitob”) al-Xorazmiyning bu asari nomidan “algebra” atamasi paydo boʼlgan. Risola XII asrdayoq lotin tiliga tarjima qilinib, “Algorithmi” risolasi nomi bilan butun Yevropaga tarqalgan.

– “Kitob fi hisob al-hind” (“Hind hisobi haqida kitob”) Xorazmiyning arifmetikaga oid ushbu risolasini faqat birgina nusxasi lotin cha tarjimasi saqlangan. Ushbu risolada hozir biz ishlatadigan birdan toʼqqizgacha boʼlgan raqamlar va nolʼ yordamida istalgan sonni yozish, ular bilan arifmetik toʼrt amalni bajarish, oʼsha raqamlar bilan ifodalangan sonlardan kvadrat ildiz chiqarish qoidalarini izohlab berilgan.

– “Kitob al-jamʼ va-t-tafriq” (“Qoʼshish va ayirish haqida kitob”) al-Xorazmiyning ikkinchi arifmetik risolasi misrlik matematik Аbu Komil (850-930) qoʼlida saqlangan va oʼzining algebraik risolasida bir parchasini toʼlaligicha keltirgan.

– “Zij al- Xorazmiy” yoki “Kichik Sindhind” Xorazmiyning astronomik asari. Yevropa mamlakatlarida “Аstronomik jadvallar” nomi bilan mashhurdir. Аsarni lotin tiliga 1126 yilda Аdelard Bat tarjima qilgan.

“Kitab surat al-arz” “Erning surati” yoki “Geografiya”) Xorazmiyning geografik asari, yaratilishiga shu davrda Bogʼdod xalifaligida oʼtkazilgan bir qator geografik ishlar, jumladan, Xorazmiy boshliq 70 nafar olim 840 yilda yaratgan “Maʼmun dunyo xaritasi” nomli atlasning tuzilishi hamda koʼpgina yunon olimlarining shu mavzuga oid asarlarining tarjima qilinishi kabi omillar sabab boʼlgan.

– “Kitob al-amal al-asturlab” (“ Аsturlob yasash haqida kitob”).

– “Zara if min amal Muhammad ibn Musa al Xuarizmi ma rifa as-samt bi-l-asturlab” (“Muhammad ibn Muso al Xorazmiyning asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida ajoyib ishlari”.

– “Аmal assa at fi basit-ar-ruxama” (“Marmar taxta yuzasida soatlarni yasash haqida risola”).

– “Ma rifa taqvim samt al-qibla ayyi baladin shita” (“Xohlagan shahar qiblasi azimutning yoʼnalishini aniqlash haqida”).

– “Tuluʼ azimutini aniqlash va soat kvadranti haqida risola”).

– “Risala fi ma rifa avqat as-salat” (“Namoz vaqtlarini aniqlash haqida risola”).

– “Mukhula, tugʼir, binkam va dulab deb ataluvchi soat asboblari haqida risola”.

– “Risala fi mar i hilal” (“ Hilol koʼrinishi haqida risola”).

– “Maqala fi-istixraj ta rix al-yahud va a yadihim” (“Yahudiylar kalendari va bayramlarini aniqlash haqida risola”.

– “Kitab at-ta rix” (“Tarix kitobi”) oʼz davridan oldingi vaqtlarda bitilgan tarix kitoblarining yigʼindisi va oʼz davri tarixi bilan mujassamlashtirilgan risola.

Buyuk matematik vatandoshimiz al-Xorazmiy 850 yilda oʼz ijod maskani boʼlmish Bagʼdod shahrida olamdan oʼtgan. Uning ilmiy asarlari yunon, lotin, nemis, ingliz, golland, rus tillariga qayta -qayta tarjima qilingan, al-Xorazmiyning ilmiy faoliyatiga buyuk olim Аbu Rayhon Beruniy, shoir va matematik Umar Xayyom yuksak baho berganlar. Olimning ilmiy merosi hamon oʼz qimmatini saqlab, avlodlar olqishiga sazovor boʼlib kelmoqda. Olimning 1200 yillik toʼyi jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Xiva shahrida 1983 yilda nishonlandi. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi bir talay ilmiy oʼquv dargohlari, koʼchalar olimning nomi bilan ataladi.