Kitob tumani haqida

  1. KITOBIMSAN 

Tog`larining boshidagi sallasi oq,

Qadamida obuhayot,  qaynarbuloq,

Sog`inch hamroh bo`lar sendan ketsam yiroq

Qashqadaryo durdonasi Kitobimsan.

 

Ming yilingdan ertak so`ylab o`sar archa,

Rasadxonang samo tomon ochdi darcha, 

Ta`rifingga so`zim ojiz, parcha – parcha

Yulduzlarning koshonasi Kitobimsan.

 

Guvoh quyosh to`lg`og`iga  G`avva cho`qqing,

Devon davri sirin Jovuz yoqdan o`qing,

Qashqadaryo, Oqdaryo ikki zulfing

Jannatmakon, tog` yonasi Kitobimsan.

 

Qadim kentsan, Nautakang sirli diyor,

Go`zal qizing Ravshanakka ming xaridor,

Kuyov bo`lmoq ilinjida yov ham bedor

Iskandarning to`yxonasi Kitobimsan.

 

Tuprog`ingda Muqannalar yovni to`sdi,

Amir Temur ham Keshda, ham senda o`sdi.

Bashir ota, Voxsuvoriy qo`sh yulduzdir

Ne – ne  ulug` zot onasi Kitobimsan.

 

Sohibqiron piri bunda makon tutdi,

Har zardangda mo`g`ul qaytmas bo`lib ketdi, 

Nadomatkim, tog` — toshingda sirli bitdi

Ulug`bekning paymanosi Kitobimsan.

 2. Kitob va kitobliklar 

Qadim va navqiron Kitob Qashqadaryo vohasining tog`li tumanlaridan biri bo`lib, 1926 yilda tashkil topgan. Uning markaziga 1976 yil shahar maqomi berilgan va Kitob shahri deb yuritiladi. Uch tomoni osmono`par tog`lar bilan o`ralgan vodiy, sersuv daryolar, serhosil bog`lari, qaynarbo`loqlari, seunum tuproqlari bilan mashhur. Eng muhimi, tanti, mehnatkash, olijanob insonlari bor.

Kitob Qashqa vohasining Chiroqchi, Shahrisabz tumanlari, Samarqand viloyati hamda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo`lib, maydoni 1,8 ming kvadrat kilometr. Dengiz sathidan 1788 metr balandlikdagi Taxtaqoracha davoni respublika janubini shimoliy viloyatlar bilan bog`laydi. Tumanda 38 ta mahalla va qishloq fuqorolar yig`inlari mavjud bo`lib, 218 mingdan ortiq aholisi bor.

Tuman hududidan Katta O`zbek trakti o`tadi.

  1. Gullayotgan o`lka

Ko`pchilik Kitobning tabiatini Shveytsariyaga quyos etadi. Darvoqe, Kitob tumani Xizr nazar solgan go`shalardan biridir. Hududning shimoliy va sharqiy chegaralari bo`ylab yastanib yotgan Zarafshon va Hisor tog`lari Kitobga salobat beradi. Tuman iqlimi mo`tadil bo`lib, o`rta harorat yanvar oyida  -3, -8  gradus atrofida bo`lsa, iyul oyida +43 gradusgacha ko`tariladi. Yiliga o`rtacha 545 millimetr yog`in tushadi.

Tuman hududidan Qashqadaryoning irmoqlari – Ayoqchisoy, Oqsuv, Jinni daryolar oqib o`tadi. Tog` yon bag`irlarida archa, bodom, do`lana, olma, tol, yong`oq, pista, zarang daraxtlari o`sadi. Tog`larida tulki, bo`ri, chiya bo`ri, bo`rsiq, ayiq, qobon, tog` echkisi, arxar, turli xil sudralib yuruvchilar, shuningdek, kaklik, chil, bulbul va boshqa hayvonu parrandalar yashaydi.

Kitob tabiati nihoyatda chiroyli. Qaynar, Bashir, Palandara, Xo`jaisparoz, Varganza va boshqa o`nglab qishloqlari bahor va yoz oylarida nafaqat Qashqadaryo vohasi, balki qo`shni viloyatlardagi dam oluvchilar bilan ham gavjum bo`ladi.

  1. Qadimiy shahar

Tarixiy manbalar Kitob tarixi miloddan avvalgi VII – II asrlarga borib taqalishidan dalolat beradi. Qadimda bu xududda Sug`dlarning Ksenapa davlati bo`lib, uning markazi Nautaka shahri bo`lgan. Nautaka shahri hozirgi Uzunqir, Ko`mirtepa, Saparcha qishloqlari o`rnida joylashgan.

Aleksnadr Makedoniskiy eramizdan oldingi 328 yilning kuzida Nautakaga kelib, qishni shu yerda o`tkazadi. U strategik maqsadni ko`zlab shahar markazini xozirgi Qalandartepa o`rniga ko`chiradi va atrofini qalin devorlar bilan o`raydi. Bu joy keyinchalik Suse shahri deb yuritila boshlanadi. Aleksandr Makedoniskiyning So`g`diyonanaing eng boy zodagoni Oksardning qizi, Osiyoning eng go`zal ayollaridan biri deb etirof etilgan Ravshanak bilan nikoh to`yi Qalandartepada o`tadi. Ularning o`g`li Aleksandr – 4 Makedonskiylar sulolasining so`nggi hukmdori bo`lgan.

  1. Xo`jailimkoni

Qadim va boy tarixga ega bo`lgan Kitobda 6 ta yirik ziyoratgoh, 235 ta madaniy obida bor. Ana shunday ziyoratgohlardan biri Kitob shahridan 12 kilometr uzoqlikdagi Xo`jailmkoni qishlog`ida joylashgan. Bu ziyoratgoh ulug` donishmand. Shayx, tasavvuf ilmining zabardast targ`ibotchisi, qutublar qutibi Mavlono Abdulboqi Xojaga Imganagiy Ibn Mavlono Darbesh Muhammad Vahshuvoriy (1212 – 1600) nomlari bilan bog`liqdir. 

U kishi Xojagon Naqshbandiy yo`nalishidagi tasavvufning azim pirlaridan biri, fiqh, hadisshunoslik ilmining buyuk allomasi bo`lgan. XVII asrga mansub usta gumbaz shaklida yopilgan Xonaqada Xojagiy Imganagiy hamda o`g`illari Mavlono Xojagiy Abul Qosim dafn etilgan. Ziyoratgohga Turkiya, Germaniya, Amerikada yashaydigan musulmonlar ham tashrif buyurishgan. Bu yerdagi 12 asrning guvohi bo`lgan chinor, xalq irragasiya ilmining noyob namunasi bo`lmish 13 dona koriz qishloqqa fayz berib turadi.

  1. Oqsuv

Kitob tumanining Xo`jaisparoz qishlog`ida joylashgan Oqsuv ziyoratgohi donishmand avliyo Shayx Shamsiddin Parranda (1290 – 1370) nomlari bilan bog`liqdir. Qishloq qabristonida Shayx Shamsiddin, u kishining o`g`illari Shayx Najmiddin hamda Xojagiy Imganagiyning otalari, o`z zamonasining avliyolar sultoni, piri komil, oltin silsilada 21 – o`rinda turgan Qutbi zamon Mavlono Darvesh Muhammadning qabrlari bor. Ma`lum bo`lishicha darvesh muhammadning nasabi Hazrati Umarga borib taqaladi. Ushbu ziyoratgoh yonidan Oqsuv anhori oqib o`tadi. Rivoyatlarda aytilishicha, Shayx Shamsiddin Parrandaning g`arg`ara qilishlari tufayli mazkur anhor suvi 200 metrlar chamasi masofada shifobaxshlik xususiyatiga ega bo`lgan. Har yilning saraton mavsumida bu yerga kelgan zayiratchilar ulug` insonlar qabrini ziyorat qilish bilan birga sut rangidagi Oqsuv anhori suvida cho`milishadi.

 7.Hazrati Bashir 

Bashir qishlog`i baland tog` etaklaridagi xushmanzara hududda joylashgan. Qishloqning shundoqqina pastida Qashqadaryoning irmog`i ulkan chinorlar ostidan hayqirib oqadi. Qishloqning har qadamiida buloqlar bor. Ziyoratgoh va qishloq tarixi shu yerda yashab o`tgan avliyo Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368 – 1464) nomlari bilan bog`liqdir. “Hazrati Bashir tarix” kitobida keltirilishicha, Hazrati Bashir Amir Temurning piri Said Barakaning ukalari Said Ne`matullohning karomatlari tufayli dunyoga keladi. O`shanda u kishining otalari Xo`ja Hasan 90 yoshda, onalari bibi Malokat 80 yoshda bo`lgan.

Hazrati Bashir karomatgo`y avliyo, kamolat cho`qqisiga erishgan salohiyat egasi bo`lib, u kishining ta`riflarini uzoq o`lkalardan eshitib kelishgan. Hatto Mug`uliston xoni Jaloliddin taxtdan voz kechib Hazrati Bashirga murud tutinadi. Aytishlaricha, Mirzo Ulug`bek Samarqand xirojining bir qismini Hazrati Bashirga yuborib turgan.

Bu yerga har yili minglab kishilar kelib, Hazrati Bashirning Niyoztepadagi qabrlarini ziyorat qilishadi.
8. Hazrati Sulton 

Qashqadaryo vohasining Kitob, Shahrisabz tumanlari shimoliy, sharqiy tomonlari baland tog` tizmalari bilan o`ralgan. Bu tog` tizmalarida ko`plab osmono`par cho`qqilar mavjud. Ular orasida dengir sathidan 4145 metr balandlikda joylashgan G`ava cho`qqisi O`zbekistondagi eng baland nuqtalardan biri bo`lib, mahalliy aholi uni Hazrati Sulton tog`i deb ataydi.

Bu tog` musulmonlarning muqaddas ziyoratgohlaridan biri bo`lish bilan birga turkiylarning qadim maskanlaridan sanaladi. Cho`qqining shundoqqina pastiidan Oqsuv daryosi oqib o`tadi. Bu joyda inson oyog`iningh toshga muhrlangan izlari bor. Bu ulkan oyoq izlarini Hazrati Sultonga nisbat beradilar. Ziyoratgohdagi mo`jizalardan yana biri qo`yoshning chiqishi bilan bog`liqdir. Ziyoratchilar erta tongda tog` ortidan ko`tarilayotgan quyoshga tik qaray olishadi. Quyosh tarog`i bir nayza bo`yi ko`tarilguncha bir necha marta chiqib tushadi. Tog`ning eng baland cho`qqisi tarashlab kesgandek teptekis va unda 70 – 80 kishi namoz o`qiy oladi. Supaning g`arb tomonidagi qabrda Muhammad Payg`ambarning nabiralari Husaynning boshlari qo`yilgan, deyishadi.

  1. Jovuz qo`riqxonasi

Jovuz qishlog`ida joylashgan Kitob Davlat geologik – paleontologik qo`riqxonasi haqida alohida gapirishga to`g`ri keladi. Dunyo ahamiyatiga molik bu maskanda olib borilgan olmiy izlanishlar bundan 400 million yil ilgari butun Markazish Osiyo hududi dengiz ostiida bo`lganligini ilmiy isbotlaydi.  Jinni daryo  va Oqsuv daryolari oralig`ida qad rostlagan Shirdog` va Sumsar tog`larida paleozoy erasining deyarli barcha davrlariga mansub dengiz umurtqasiz hayvonlarning tosh qotgan qoldiqlari nixoyatda yaxshi saqlangan.

Dengiz jonzotlarining bu qadar bus – butun saqlanishi jahon stratigrafiyasida favqulodda noyob hodisa hisoblanadi. Bu maydon shu sababli ham paleozoy va devon erasining taraqqiyot tarixini o`rganish uchun xalqaro etalon (andoza) sifatida qabul qilingan.

  1. Kitob rasadxonasi

Kitobni yulduzlar koshona qurgan go`sha,  deb ham ta`riflashadi. Negaki, Kitob kenglik nuqtasi dunyoda yerning 39˚ 08΄΄ shimoliy kenglikda joylashgan 5 ta xalqaro kenglik nuqtasidan biri sifatida tashkil etilgan edi. Ayni paytda u Balandtog` astronomik observatoriyalari Kitob kompleksi deb nomlanadi.

Bu yerda olib borilayotgan ishlar astrofizika va astrometriyaning dolzarb masalalarini yechishga qaratilgan. Tadqiqqotlar xalqaro shartnomalarga asosan yer harakatini, o`zgaruvchan yulduzlarni, kvazarlarni, galaktik to`dalarni, asteroidlar xavfini, gamma chaqnashlarni va gravitatsion linzalarni kuzatishdan iboratdir.

2009 yilda Maydanak observatoriyasining AZT – 22 telekopida kitoblik Bahodir Hafizov hamkasbi Aleksey Sergeev bilan birga yangi kichik sayyora kashf etishdi. Prezidentimizning takliflari bilan sayyoraga respublikamizning qadim va navqiron shahri “Samarqand” nomi berildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Kitob kenglik nuqtasida “O`zbekiston” deb nom derilgan kichik sayyora ham kashf etilgan edi.

  1. Qadim madaniyat

Tuman qadim tarixga ega bo`lgani kabi qadim madaniyatga ham egadir. Birgina Saroy, Minjir, Bugajil, Mallaboshi qishloqlaridagi tepaliklar ostidan topilgan osori atiqalar Kitobda hunarmandchilik azal – azaldan rivoj topganini bildiradi. Topilmalar orasida eramizdan oldingi 1 asrga talluqli Budda haykalchalari nihoyatda qadrli bo`lib, ular Kushon podsholigi davrida buddizm diniga xizmat qilgan. Shuningdek, Xayrobod qishlog`idagi Munchoqtepadan topilgan ayol va erkak haykalchalari eramizdan oldingi IV – II asrlarga taalluqli deb taxmin qilinmoqda.

Bundan tashqari, bu qishloqlardan Aleksandr Makedonskiy tangalari topilgani madaniyatimiz tarixi naqadar qadimiyligini bildirsa, Xorazmshox, Qoraxoniylar, Amir Temur, Amir Olimxon va hatto XV asrda Lyudovik davrida Germaniyada zarb etilgan kumush va mis tangalar savdo – sotiq rivojidan darak beradi.

Topilmalar orasida hayvon haykalchalari, metal eritishda ishlatiladigan idishlar, turli kulolchilik buyumlari, taqinchoqlar xam bor.    

  1. Bugungi Kitob

O`z tarixi, madaniyati va urf – odatlariga ega bo`lgan, odamlari yangilikka intilgan har bir go`shaning kelajagi ham bo`ladi. bugungi kunda Kitob tumaniga qarab ko`z quvnaydi. Mustaqillik yillarida tuman qayta yashardi. Keng va ravon ko`chalar, osmono`par imoratlar qad rostladi. Yo`ldosh shaharcha mahallasida zamonaviy Qabzaxona qishlog`i barpo etildi. Hashamatli San`at saroyiqurildi. Dehqon va buyum bozorlari, Mehribonlik va go`daklar uylari rekonstruksiya qilindi. Biri – biridan chiroyli namunaviy uy – jiylar, maktablar, kollejlar, savdo va maishiy xizmat ko`rsatish inshoatlari Kitobning husniga husn qo`shdi. Yanada go`zallashdi. Har yili minglab daraxt ko`chatlari ekish an`anaga aylandi. Yashil vodiy yanada ko`rkamlahdi, gullar va daraxtlar shahriga aylandi.

Vatan ostonadan boshlanadi. O`z yurtini obod aylash shu zamin kishilarining ma`naviyatiga, madaniyatiga, dunyoqarashiga, qolaversa, kayfiyatiga berilgan bahodir.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *